Ota-onalar uchun >> Maktab - Ota-ona - Mahalla

Oila mustahkam bo`lishida – farzand tarbiyasi

     Ma’lumki,  o‘zbek  xalqi  azaldan  o‘zining  bolajonligi, oilaparvarligi  bilan  ajralib  turadi.  Albatta,  farzandga  mehr  qo‘yish, ularning  qornini  to‘q, ustini  but  qilish  o‘z  yo‘li  bilan, lekin bolalarimizni  yoshlik  chog‘idan  boshlab  milliy  tarbiya,  axloq-odob, yuksak  ma’naviyat  asosida  voyaga  yetkazish  biz  uchun  doimo dolzarb  ahamiyat  kasb  etib  kelgan.  Bu  masalaga e’tibor bermaslik  nafaqat  ayrim  ota-onalar,  balki  butun  jamiyat  uchun juda  qimmatga  tushishini  ham  ko‘pgina  hayotiy  misollarda ko‘rish  mumkin.

     O‘z-o‘zidan  ravshanki, yuqorida  zikr  etilganidek,  bola tarbiyasida  sog‘lom  nasl  masalasi  ham  muhim  rol  o‘ynashini  inkor etib  bo‘lmaydi.  Aqli  raso  har  qanday  inson  yaxshi  anglaydiki,  bu yorug‘  dunyoda  hayot  bor  ekan,  oila  bor.  Oila  bor  ekan,  farzand  deb  atalmish  bebaho  ne’mat  bor. Farzand  bor  ekan,  odamzot  hamisha  ezgu  orzu va intilishlar  bilan  yashaydi.Bugungi  kunda bizning  qilayotgan  barcha  ishlarimiz farzandlarimizning  baxt-u  saodati,  ularning yorug‘  kelajagi uchun amalga  oshirilmoqda. Lekin  baxt-u saodat faqat boylik,  mol-u  mulk bilan  belgilanmaydi.  Odobli,  bilimdon  va  aqlli,  mehnatsevar,  iymon-e’tiqodli  farzand  nafaqat  ota-onaning,  balki  butun  jamiyatning  eng katta  boyligidir.

      Muxtasar qilib  aytganda,  hammamizga ayon  bo‘lishi  tabiiyki, oila  sog‘lom  ekan – jamiyat  mustahkam,  jamiyat  mustahkam  ekan – mamlakat  barqarordir.Ma’naviyatni  shakllantirishga  bevosita  ta’sir  qiladigan  yana bir muhim  hayotiy  omil  -  bu ta’lim-tarbiya tizimi  bilan chambarchas bog‘liqdir.

      Ma’lumki, ota-bobolarimiz  qadimdan  bebaho  boylik  bo‘lmish ilm-u ma’rifat, ta’lim  va  tarbiyani  inson  kamoloti  va  millat ravnaqining  eng  asosiy  sharti va  garovi  deb  bilganlar.Buning  uchun  har  qaysi  ota-ona,  ustoz  va  murabbiy  har  bir bola  timsolida  avvalo  shaxsni  ko‘rishi  zarur. Ana  shu  oddiy talabdan  kelib  chiqqan  holda,  farzandlarimizni  mustaqil  va  keng fikrlash  qobiliyatiga  ega  bo‘lgan,  ongli  yashaydigan  komil insonlar etib  voyaga  yetkazish – ta’lim-tarbiya  sohasining  asosiy maqsadi  va vazifasi  bo‘lishi  lozim  deb  qabul  qilishimiz  kerak. Bu  esa  ta’lim va tarbiya  ishini  uyg‘un  holda  olib borishni  talab  etadi.

     Ta’limni  tarbiyadan,  tarbiyani  esa  ta’limdan  ajratib  bo‘lmaydi – bu  sharqona  qarash, sharqona hayot  falsafasidir.

      Buyuk  ma’rifatparvar  bobomiz  Abdulla  Avloniyning  «Tarbiya biz  uchun  yo  hayot - yo  mamot,  yo  najot – yo  halokat,  yo  saodat – yo  falokat  masalasidir»  degan  so‘zlari  hozirgi  vaqtda  ham  muhim  va  dolzarb  ahamiyat  kasb  etadi.

       Farzandlar  ta’lim – tarbiyasida  hech  shubhasiz,  oilaning  o‘rni  va ta’siri  beqiyosdir.

       Bolaning  xarakterini,  tabiatini  va  dunyoqarashini  belgilaydigan ma’naviy  mezon  va  qarashlarning  poydevori oila  sharoitida  qaror topadi.  Ko‘p  yillik  kuzatish  va  tadqiqotlar  shuni  ko‘rsatadiki, inson  o‘z  umri  davomida  oladigan  barcha  ma’lumotlarning 70 foizini  5 yoshgacha  bo‘lgan  davrda  olar  ekan.Biz  o‘z  farzandlarimizning  baxt-u saodatini,  iqboli  va  kamolini  ko‘rishni  istar ekanmiz, nafaqat  oiladagi,  balki  mahalla-ko‘ydagi  odamlarning  xatti – harakati  ham  bolaning  shakllanib kelayotgan  sof  qalbi  va  ongiga  qanday  ta’sir  ko‘rsatishi  haqida doimo  o‘ylashimiz, bu  masalada  zimmamizda  qanday  ulkan mas’uliyat  borligini  unutmasligimiz  lozim

Boshlang`ich sinf o`qituvchisi Muqimova Ozoda Rashidovna


Qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam.

    Bizning Zarafshon shahr XTMFMTTEBga qarashli 2-sonly umumiy o’rta ta’lim maktabimiz Navoiy viloyati  Zarafshon shahar “Oltin Vodiy” mahallasida joylashgan. “Oltin Vodiy” mahallamiz 1999-yil mart oyidagi maxsus qarorga binoan tashkil topgan. Mahallamizda 36 ta ko’p qavatli uylar mavjud. Ularda 1736 ta xonadon yoki 2012 ta oila istiqomat qiladi. O’tgan 16 yil ichida ko’plab muvaffaqiyatlarga erishgan. Xususan, “Futbolimiz kelajagi” , “Yilning eng namunali mahallasi”, “Eng namunali maslahatchi” ko’rik tanlovlari va boshqa ko’pgina tanlovlarda mahallamiz doimiy ravishda viloyat bosqichlarida oldingi o’rinlarni egallab kelmoqda. Mahallamizda yoshlarga , yosh avlodga e’tibor nihoyatda kuchli. Yoshlarning ma’nan sog’lom, jismonan baquvvat bo’lib yetishlarida mahallamizda faoliyat yuritayotgan 5 ta sport majmuasining o’rni nihoyatda kattadir.

Yoshlar o’rtasida milliy qadriyatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilib kelayotgan “Oila – mahalla- maktab” institutining faoliyati natijasida ko’plab tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q” degan fikrlarini hisobga olgan holda mahallamizda yoshlar bilan o’zbek davlatchiligi tarixi xususida bir qator tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda Biz o’zligimizni albatta milliyligimiz orqali taniymiz.

 

    Xalqimizda “O’zbek do’ppisi bilan” degan gap bor. Mahalla – bu bizning davlat ichra bir davlatimiz. Biz aynan mahallada o’zligimizni taniymiz voyaga yetamiz, barkamol bo’lib rivojlanamiz. Yoshlar o’rtasida milliy an’analarni shakllantirishda ma’rifat va ma’naviyat ishlari bo’yicha komissiyaning amalga oshirayotgan ishlari tahsinga sazovordir. O’tkazilgan “Orasta qizlar” va “Kuz malikasi” tanlovlarida avvalombor milliylikka e’tibor beriladi. Har yili Navro’z bayrami munosabati bilan umumxalq hashari o’tkaziladi. O’tgan 2016 yilda yilda ham hashar o’tkazilib jami 10 000 tup gul va daraxt ko’chatlari ekildi. Bu hasharda mahallamizning ko’pchilik yoshlari ishtirok etishdi. Bu ham yoshlar ongida mahallaga sodiqlik va birdamlik tuyg’usining shakllanganini ko’rsatadi.

   

Navro’z bayramida hashardan so’ng hamma birga yig’ilib, milliy taomlar pishiriladi, turli raqslar, o’yinlar, musobaqalar tashkil etiladi. Shubhasiz, ularda yoshlarimiz asosiy o’rinda turadilar.Tabiiyki, dunyodagi voqealarga mahallamizda ham befarq qaray olmaymiz, mahalla posbonlari har bir uyda yig`ilish o’tkazib unda yoshlarni tashqi ma’naviy tajovuzlardan himoyalash haqida tushuntirishlar o’tkazishdi. Bu kabi tadbirlar barchamizni ogoh bo’lishga chorlaydi. Zero, birinchi prezidentimiz aytganlaridek, “Ogohlik – davr talabi”. Har bir ma’rifiy uchrashuvlarda yoshlarga ommaviy madaniyatdan himoyalanish to’g’risida fikrlar beriladi.   Biz maktab jamoasi mahallamizda doimiy ravishda o’tkaziladigan “Munozara” o’yinlarini mahallalararo birgalikda tashkil etishni taklif qilamiz. Bu yoshlarni mustaqil fikrlashlari va aqliy imkoniyatlarini namoyon etishlariga yordam beradi.

Boshlang’ich sinf o’qituvchisi  Z.Tosheva