Ota-onalar uchun >> Ota-ona – bosh tarbiyachi

    Har jihatdan barkamol shaxs jamiyat rivojining poydevori hisoblanadi. Shuning uchun ham bunga Davlat siyosati darajasiga molik masala sifatida e’tibor qaratilyapti. Yoshlar tarbiyasida oila, mahalla, maktab mas’ul sanaladi. Xususan, oila-ota-ona zimmasiga asosiy mas’uliyat yuklatilganini doimo his etib, bunga alohida yondashishimiz lozim.

     Ma’naviyati butun xalqni hech qanday kuch yenga olmaydi. Ma’naviyat rivojida esa kitobxonlikning o’rni beqiyos. Chunki ko’p kitob o’qish, uqish va buni hayot qonuniga, hayotiy ehtiyojga aylantirish insonni faqat ulug’likka yetaklaydi. Yomonliklardan yiroq bo’lib, foydali ish bilan mashg’ul bo’lishga undaydi. Mustahkam irodali inson har qanday oqimlar ta’siriga tushib qolmaydi. Shuning uchun ham kitobxonlikka e’tibor bugungi kunda eng dolzarb vazifa sifatida qaralyapti. Oilada farzand tarbiyasi, ularning muntazam kitob o’qishlarini yo’lga qo’yish uchun avvalo, o’zimiz ularga o’rnak bo’lishimiz kerak. Ota-ona gazeta, jurnal va badiiy kitoblar o’qisa shaxsiy namuna sifatida o’rnak bo’la oladi. Farzand kamoloti yo’lidagi sa’y- harakatlar sirasiga ularga kitoblar sotib olib berish, kitob o’qishlarini nazorat qilish va bevosita shaxsiy o’rnak ko’rsatishni aziz ota-onalar zimmasidagi asosiy vazifa sanaladi. Ziyoli, ma’rifatli farzandlar tarbiyalab, mustaqil yurtimiz taraqqiyotiga barchamiz bir yoqadan bosh chiqargan holda yondashib, o’zimizning hissamizni qo’shaylik.


Boshlang’ich sinf o’qituvchisi Qurbonova Shahlo Aminovna