O‘quvchilar uchun >> 2016 yil-qut-baraka, omadu quvonchlar yili

   Kirib kelgan 2016 yil muchal taqvimi bo’yicha maymun yilidir. U 12 ta jonivor nomi bilan ataladigan davriy yil hisobining to’qqizinchisi sanaladi. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Qoshg’ariyning “Devonu lug’atit turk” asarlarida keltirilishicha, 12 yillik ushbu davriy yil hisobiga xosiyatli va muqaddas sanalgan hayvonlar kiritilgan. Bular sichqon, sigir, yo’lbars, quyon, baliq, ilon, ot, qo’y, maymun, tovuq, it va to’ng’iz.

Yillarni hayvonlar nomi bilan atash an’anasi Xitoy va Misrda vujudga kelgan, degan ma’lumotlar ham bor. Rivoyatlarga qaraganda, qadimda kirib kelgan yil qanday kelishi ko’p jihatdan muchal hisobidagi hayvonlarga ham bog’liq, deb qaralgan va bunga qattiq ishonilgan. Masalan, to’ng’iz yilida yog’ingarchilik ko’p bo’lsa, sigir yili juda qut-barakali kelar emish.

Maymun yilida ilm-fan taraqqiy etib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yanada rivojlanishi va boshqa kasb-kor egalari uchun ham muvaffaqiyatlar yili bo’lishi bashorat qilinmoqda.

  Maymun muchalida tug’ilganlar epchil, aqlli, topqir bo’lib, muammoli vaziyatlardan oqilona yo’l tutishi bilan ajralib turadi.Kirishimliligi, og’ir ishlardan bo’yin tovlamasligi, xushchaqchaqligi va iltifotliligi tufayli ularning do’stu yorlari ko’p bo’ladi. O’ta ziyrak, xotirasi mustahkam bo’ladi. Bu muchal sohiblari orasidan el tanigan, mashhur kishilar yetishib chiqqan. Faylasuflar, siyosatchilar, yozuvchi va shoirlar, san’at arboblari nisbatan ko’p uchraydi.

 Maymun o’yin-kulguni, shodu hurramlikni xush ko’radi. Maymun yilida ko’pdan buyon yechimini kutayotgan muammolar hal etilgani, ziddiyatli tomonlar murosai madora yo’lini tutishgani, bayramlarga boy bo’lgani bilan odamlarning yodida saqlanib qolgan. Shuning uchun yangi 2016-yildan umidlarimiz katta. Niyatimiz, 2016 yil qut-barakali, omadli kelib, quvonchu shodliklarga, turfa bayramlarga boy bo’lsin.

                                                                                                                                              “Xalq so’zi” gazetasi. 2016-yil 1 yanvar. 1-son

                                                                                                                                                Boshlang’ich sinf o’qituvchisi Tosheva Ziyoda