Uslubiy ishlar yo‘nalishi >> Dars-muqaddas >> Betakrorimsan, yagonamsan ona Vatanim- O‘zbekistonim! O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilligiga bag’ishlanadi

                                  Betakrorimsan, yagonamsan ona Vatanim- O‘zbekistonim!

         O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilligiga

                                              bag’ishlanadi

Dars shiori: Kim edigu kim bo‘ldik!

Darsning maqsadlari:

Ta'limiy: O‘zbekiston o‘z vaqtida sobiq mustabid tuzumning ma'muriy-buyruqbozlik tizimidan, biryoqlama rivojlangan nochor iqtisodiyotdan,  noma'qul   yo‘llardan butunlay voz kechib, mashhur besh tamoyilga asoslangan o‘z taraqqiyot yo‘lini qat'iy tanlab olgani va dunyoda «o‘zbek modeli» sifatida e'tirof etilgan rivojlanish strategiyasining real natijalarini aniq tahlillar orqali ochib berishga harakat qilishimiz kerak.  O’quvchilarga mustaqillik bayrami va uning mazmun mohiyatiga oid bilimlar berish.

Tarbiyaviy: Mustaqillik biz uchun milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni tiklash, urf-odat va an'analarimizni, muqaddas islom dinimizni, buyuk ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ulug‘lash, sog‘lom va barkamol yangi avlodni shakllantirish bo‘yicha ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan beqiyos imkoniyatlar ochib berganini keng tushuntirish. Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osoyishta hayot, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, chegaralarimiz daxlsizligini asrash, uzoq va yaqin atrofimizdagi davlatlar bilan do‘stona munosabat va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, turli mintaqa va hududlarda xavf-xatar va tahdidlar tobora kuchayib borayotgan tahlikali zamonda doimo ogoh, sergak va hushyor bo‘lib yashash, safarbarligimizni yanada oshirish – bugun hayotning o‘zi barchamizdan talab qilayotgan eng muhim va dolzarb vazifa ekaniga alohida ahamiyat qaratish;

Rivojlantiruvchi: mustaqillik, osoyishtalik, tinchlik, barqarorlik, vatanparvarlik, xavfsizlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik, do‘stlik tuyg‘ularini rivojlantirish.

Pedagogik texnologiyalar: guruhlarda ishlash, suhbat, bahs-munozara.   

Dars jihozlari:

texnik jihoz: kompyuter va videoproektor.

didaktik jihoz: Islom Karimovning «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida», «Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch» asarlari, mavzuga oid plakat, o‘quv qo‘llanma, “Ma’rifat”gazetasi va boshqalar

Dars usuli:  noan’anaviy (aqliy hujum, savol-javob, suhbat)

Tashkiliy qism: o‘quvchilar salomlashib davomat aniqlangach, o‘quvchilar kichik guruhlarga ajratiladi.

O‘quvchilarning fikrini jamlash maqsadida biroz fikrlashga undovchi savollar kompyuterda slaydda beriladi . 

Hamma o‘quvchilar  faol qatnashib  o‘z fikrini bayon qilib bo‘lgach, o‘qituvchi umumlashtirib  o‘z so‘zida davom etadi.

Darsning mazmuni:

     «Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti”

                                                                                                             I.Karimov

            Mustaqillik o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmadi. U tinimsiz kurashlar, qiyinchilik va yo‘qotishlar, jasorat va fidoyilik mahsulidir. 1991 yil 31 avgust sanasida qo‘lga kiritilgan davlatimiz mustaqilligi XX asrda xalqimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk jasorat namunasi ekanini unutmaslik kerak. Prezidentimiz bu borada buyuk jasorat ko‘rsatib, «sovetlar mafkurasi» keng quloch otgan muhitda xalqimizning mustaqillikka erishishiga bosh bo‘ldi. Barchamiz mustaqilligimizning qadriga yetishimiz, uni asrab-avaylashimiz lozim.

O‘zbekiston erishayotgan yutuq va marralar dunyo hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilayotgani, xususan, Jahon iqtisodiy forumi tomonidan e'lon qilingan reytingda keyingi 3-yilda iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlar orasida mamlakatimiz 5-o‘rinni egallagani, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQShning Kolumbiya universiteti tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy tadqiqotlar asosida e'lon qilingan “Butunjahon baxt indeksi”da Vatanimiz 158 ta mamlakat o‘rtasida 44-pog‘onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida 1-o‘rinni egallagani va boshqa misollar yordamida yurtimizning barqaror taraqqiyot sur'atlarini teran ochib berish mavzusidagi davra suhbatlari orqali yetkazish tavsiya etiladi. 

Prezidentimiz har bir mustaqillik yillaining nomlanishiga katta e’tibor qaratib kelmoqdalar, chunki bu nomlar mustaqillik yillarda ruhlanib, intilib yashashga  chorlaydi.

Mustaqil diyorimiz mana shu 24 yil ichida katta yutuqlarga o‘zining samarali mehnati orqali erishib kelmoqda. Bu hoh ta’limda bo‘lsin, hoh taraqqiyot yo‘lidagi istalgan sohada bo‘lsin.

    Obod Vatan! Davlatimiz rahbari boshchiligida xalqimiz ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqda, shahar va qishloqlar qiyofasi tubdan yangilanmoqda. Toshkent shahrida buning yaqqol tasdiqini ko‘rish mumkin. Bundan 24 yil muqaddam Toshkent shahri bu darajada bo‘lmagan. Bugun shaharga kelgan odam uni taniy olmaydi. Ko‘rkam va obod, fayzli va tarovotli hiyobonlar, yo‘llar, bir-birida muxtasham binolar….
Ta’lim sohasida ham bir qancha o‘zgarishlar bo‘lib o‘tdi. 1-4 sinf o‘quvchilar o‘rtasida “Mening Vatanim O‘zbekiston”, “Men O‘zbekiston farzandiman” mavzularida tadbirlar tashkil etilmoqda. Ayniqsa birinchi sinfga kelgan o‘quvchilar uchun “Mustaqillik darslari”ni ko‘tarinki ruhda tashkil etishga harakat qilinmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining o‘quv yilining  birinchi kunidanoq o‘quvchilarning kelajagiga alohida e'tibor qaratib, 22 turdagi o‘quv qurollarini sovg‘a tariqasida tortiq qilishlarining mazmun mohiyatini tushuntirish. Ularning a'lo baholarga o‘qishlari va kelgusida o‘z kasblarining mohir egasi bo‘lishlari uchun barcha imkoniyatlar eshiklari ochiqligini alohida ta'kidlash lozim. 

 Bunga javoban yoshlarimiz o‘zlarining erishayotgan yutuqlari orqali minnatdorchilik bildirgan holda, imkoniyatlardan keng foydalanib jahonshumul yutuqlarga ega bo‘lmoqdalar. Namuna uchun 2015yil 27-31 iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Chanchun shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha xalqaro musobaqasida vakillarimiz munosib ishtirok etib, jahonning 29 davlatidan kelgan627 nafari iqtidorli tengdoshi orasida umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani buning yorqin isbotidir. Yakkalik bahslarda Kattaqo‘rg’on shahridagi 17-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Jahongir To‘rayev va Qorako‘l tumanidagi 1- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Abbos Sayliyev kumush medalini qo‘lga kiritdi. Qolgan ikki nafar vakilimiz- Qarshi shahridagi 2- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining 7-sinf o‘quvchisi Saydali Murodillayev va Mirzo Ulug’bek tumanidangi 50- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Robert Chesnov faol ishtiroki uchun fahriy yorliq bilan taqdirlandi.

-Musobaqada dunyoning ko‘plav mamlakatlaridan kelgan tengdoshlarimiz bilan bahsga kirishganimizda sira qiyinchilikka duch kelmadik. Musobaqa tartibi ingliz tilida e’lon qilingan bo‘lsada, maktabimizda chet tillarni chuqur o‘rganganimiz bois tarjimonga muhtojlik sezmadik. Biz u yerda O‘zbekiston o‘g‘il-qizlarning aql-zakovatda hech kimdan kam emasligini ko‘rsatishga, Yurtboshimizning biz, yoshlarga bildirgan ishonchini oqlashga intildik. Butun bellashuv davomida jamoamiz bilan ota-onamiz, ustozlarimiz, xalqimiz bizdan katta natijalarni kutayotganini his qildik. Bugun ularning yuz-ko‘ziga boqib, erishgan yutuqlarimiz ularni bizdan ko‘ra yuz chandon hursand qilganini ko‘ryapmiz. Kelgusida bundan-da katta muvofaqqiyatlarga erishish uchun kuch-g’ayratimizni ayamaymiz,- deydi Jahongir To‘rayev.

Shu yilning 27 iyul – 2avgust kunlari Bolgariyaning Vlagoyevgrad shahrida talabalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan matematika fani bo‘yicha 22-Xalqaro olimpiadada ishtorok etgan hamyurtlarimiz eng ulug’, eng aziz bayramimiz- mamlakatimizning mustaqilligining 24 yillik to‘yiga to‘yona bilan qaytishdi. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti jamoasi a’zolari-mexanika-matematika fakulteti 2-kurs talabasi Hakimboy Egamberganov oltin, 3-kurs talabasi Behzod Qurbonboyev kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu olimpiadada  50 dan ortiq davlatning 75 universitetidan jami 324 nafar talaba ishtirok etdi. Musobaqa 2 kun davom etdi. Har kuni 5 tadan masala taqdim etildi. Hammasi ko‘ngildagidek ketayotgandi. Ammo Hakimboyning kombinatirikaga oid masalasiga hakamlar tomonidan nol ball qo‘yiganligi ishtirokchilarni ajablantirdi. Lekin, to‘g‘ri yechganligi o‘ziga bo‘lgan ishonchi yaqqol aks etib turardi. Apellyasiya natijasiga ko‘ra, masala to‘g‘ri yechilganligi, yechimga shu qadar fanda qo‘llanilmagan yangicha usulda yondashilganligi isbotlandi. 

Ha, xalqimiz bejiz, “Aql yoshda emas, boshda” deyishmagan. Erishilgan natijalardan so‘ng,  olimpiada tashkilotchilari bizning yurtimizdagi ta’lim tizimi,yoshlarga e’tibor, matamatika faninig o‘qitilishi kabi turli masalalar bilan qiziqib qoldilar. Davlatimizning yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim-tarbiya berish,o‘qib-o‘rganishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi mehnatlari o‘z samarasini berayotganini, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi yana bir karra o‘z tasdig’ini topdi.

Uyga vazifa: Hurmatli o‘quvchilar!  Siz darsdan keyingi bo‘sh vaqtingizda sinfdosh va tengdoshlaringizga:

mustaqillik sizga nima bergani, siz davlat rivoji, mustaqillikni asrab-avaylash uchun qanday hissa qo‘shishingiz mumkinligi haqida suhbatlashing;

ota-ona va bobo-buvilaringizdan mustaqillikka erishishdagi qiyinchiliklar, mustaqillik, tinchlik va bugungi kunning ahamiyati haqidagi fikrini eshiting;

            shuningdek, uyda «Men O‘zbekiston farzandi ekanimdan faxrlanaman!» mavzusida erkin ijodiy ish yozib kelish topshiriladi.