Uslubiy ishlar yo‘nalishi >> Ommalashtirilgan metodik mahsulotlar

“ Tabiat qo’yniga sayohat”deb nomlanuvchi ko`rgazmali quroldan foydalanish bo`yicha metodik tavsiya.

Har bir bola faoliyatida o`yinlar muhim o`rin tutadi.  Etiboringizga havola etmoqchi bo`lgan ushbu tayyorlagan ko`rgazmali vositamdan foydalanib  darslarni didaktik o`yin tariqasida tashkil etish mumkin. Buning uchun sinf o`quvchilarini gurunlarga bo`lib olamiz. Guruhlarga nom berishda ham tabiat unsurlari, tabiat xodisalari nomlaridan kelib chiqqan holda yondashiladi. Masalan, “Lolaxon”, “Boychechak”, “Shudringjon”kabi nomlar bilan atash mumkin.

   Oquvchilar o`z guruhlarining g`oliblikni qo`lga kiritishi uchun kurashishadi. Har bir guruh tabiat qo`ynida sayohat ilinjida yo`l oladilar. Aytaylik, ona diyorimiz poytaxti sanalmish go`zal Toshkent shahrida tashkil etilgan “Botanika bog`i” ga sayohat qilishlari uchun, avvalo, u yerga eltuvchi poyezdga chipta sotib olishlari kerak. Buning uchun shabadada pirpirab ko`zni quvontirib turgan gullarning gulbargchalaridagi sonlardan birini tanlab, shu son bilan ko`rsatilgan savolga javob berishlari kerak. Agar savolga to`g`ri javob berisholmasa,sayohatga borish huquqi berilmaydi, ya`ni chiptani olisholmaydi. Natijada sayohatga olib boruvchi poyezdga chiqa olmay, qolib ketishadi. Savollarga to`g`ri javob bergan guruh a`zolari esa sayohatga chiqish uchun poyezd chiptasini qo`lga kiritishadi.Ular sayohat jarayonida ona tabiatimiz go`zalliklaridan bahramand bo`lish bilan birga, jonajon diyorimiz va uning so`lim go`shalarini qadrlash, o`simlik va hayvonot dunyosini asrash, ularga ziyon yetkazmaslik, aksincha, yanada boyitish ishlarida hissa qo`shishdek ezgu amallar qilishga odatlantirib boriladi. Sinchkovlik, ziyraklik, kuzatuvchanlik, atrof-muhitga diqqat e’tiborli bo`lishga undovchi ushbu o’yin orqali yosh avlod qalbida ilm olishga ishtiyoq, Vatanparvarlik, tabiatga muhabbat hislarini singdirish mumkin. “Tabiat qo’yniga sayohat” o’yinidan barcha darslarda, shuningdek, darsdan tashqari mashg’ulotlarda ham samarali foydalanish mumkin.  
             
                                               

                 

                                                                  
                                          

Zarafshon shahar 2- umumta`lim maktabi boshlang`ich sinf o`qituvchisi Sharipova Ziyoda.


“Bobom va buvimning purhikmat savollariga javob beraman” ko`rgazmasidan foydalanish uchun tavsiya

   O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 18-fevral “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat Dasturi to`g`risidagi PQ-2302-sonli qarorining mazmun mohiyatini tushuntirish, o`quvchi-yoshlarda ota-onalar va har bir keksa kishini chuqur hurmat qilish, e’zozlash va ularga g`amxo`rlik qilish tuyg`usini shakllantirish, oila va jamiyatda keksalarning o`rni va obro`sini oshirish maqsadida ushbu ko`rgazma tayyorlandi. Bu ko`rgazmadan matematika, o`qish, ona tili, odobnoma, tabiat darslarida keng foydalanish mumkin.

   Azal-azaldan ajdodlarimizdan bizgacha ko`plab urf-odatlarimiz, milliy qadriyatlarimiz yetib kelgan. O`zbek xalqida yoshi ulug`larga nisbatan shunday bir o`zgacha ehtirom borki, bunday nurafshon baxtga musharraf bo`lish hammaga ham nasib qilavermaydi. Zero, “Qarisi bor uyning - farishtasi bor” maqolida ham purhikmat ma`no yotadi.

    E`tiboringizga havola etilayotgan ushbu ko`rgazma vositasida o`quvchilarga bobo va buvi nomidan o`tilayotgan fan yoki mavzu yuzasidan savollar yozilgan kartochkalarni hikmatlar xazinasi sanalmish noyob sandiqchadan olib, unda yozilgan savollarga javob berish talab etiladi. Savollarga to`g`ri javob bergan o`quvchi so`rida savlat to`kib o`tirgan nuroniy kishilarning alohida “BOBOJON-BUVIJON” rag`batiga sazovor bo`ladi.

   Bugungi kunda yoshlar ongida bunday insoniy fazilatni shakllantirish uchun biz o`qituvchilarning ham vazifamiz kattadir. Har bir darsda ushbu qadriyatlarni e’zozlagan holda ko`rgazmali qurollar, didaktik materiallar asosida saboq berish bizning muqaddas burchimiz, vazifamiz hisoblanadi.

   Ushbu ko`rgazmali qurol asosida har bir darsni o`quvchilarga to`liq yetkazib berishda Vatan oldidagi burchimizni ado etishda samarali foydalanish mumkin. Mazkur tarzda dars o`tish orqali o`quvchilar ongida buyuk insoniy fazilarlarni tarkib toptirishga erishamiz. Shu bilan birga, ona tili, o`qish, odobnoma darslarida o`quvchining bog`lanishli og`zaki nutqi, gapni to`gri qura olishdagi mas`uliyat hissini tarkib toptirishga, matematika darsida qo`llab, matematik nutq va mantiqiy fikrlash qobiliyatini oshirishga erishiladi. Shuning uchun ham, yoshlarga ta`lim-tarbiya berish jarayonida ushbu ko`rgazmadan foydalanishni barcha hamkasblarimga tavsiya etib qolaman. 
                 

                                                     Zarafshon shahar 2- umumta`lim maktabi boshlang`ich sinf o`qituvchisi Xolboyeva Gavhar. 
             
“Vatanim bo`ylab sayohat” ko`rgazmasidan foydalanish tartibi bo`yicha metodik tavsiya.

   “Vatanim bo`ylab sayohat” deb nomlangan ushbu didaktik ko`rgazma boshlang`ich sinf o`quvchilari uchun juda qiziqarli. Undan marematika, ona tili, o`qish, tabiat va boshqa fanlarni o`qitish jarayonida foydalansa bo`ladi. Bu ko`rgazma o`quvchilarni topqirlikka, zukkolikka, hozirjavoblikka undaydi. Matematika darslarida foydalanganda o`quvchular vaqt, masofa, tezlik to`g`risidagi bilimlarga ega bo`libgina qolmay, o`rganilgan turdagi masalalarni yechishga doir bilim, ko`nikmalarini ham namoyish etishadi. Bundan tashqari, ularning ona Vatanimizning turli shaharlari to`g`risidagi tasavvurlari kengayadi. Shu bilan birga, ularning kasbga qiziqishlari ham shakllanadi.Temir yo`l xodimlari va ularning vazifalari bilan ham tanishadilar.Temir yo`l xodimi bo`lishga ishtiyoq tug`iladi.

    Ona yurtimizning gullab yashnagan tabiati qo`ynida sayohat qilar ekan, o`quvchilar ona tabiatni asrash borasida ham bilimga ega bo`ladilar.

    O`quvchi jonajon diyorimiz bo`ylab sayohat jarayonida bir necha bekatning sinovlaridan o`tishiga to`g`ri keladi. Zarafshon, Navoiy, Samarqand, Toshkent kabi bir-biridan ko`rkam shaharlar bo`ylab sayohatga chiqishni istamaydigan o`quvchi bo`lmasa kerak. Sayohat Zarafshon shahridan boshlanadi. Birinchi topshiriqni bajargan o`quvchi Zarafshondan Navoiyga safarga chiqish huquqini qo`lga kiritadi. Navoiy shahriga kelgach, yana bir sinovdan o`tsagina Samarqand shahriga sayohatni davom ettiradi. Aks holda, sayohatni shu yerda to`xtatishga to`g`ri keladi Navoiy shahridagi topshiriqni bajarsalar Samarqand shahriga keladilar. Samarqand shahridagi topshiriqni bajargandan so`nggina, O`zbekiston poytaxti Toshkent shahriga keladi va topshiriq bajarilgach, yana Zarafshon shahriga keladi.Sinalayotgan o`quvchilardan barcha savollarga tezkorlik bilan xatosiz javob bergan o`quvchigina bellashuv g`olibi hisoblanadi va o`qituvchining maxsus “yo`llanmasi” bilan taqdirlanadi.

     Men ushbu tayyorlagan ko`rgazmamni namoyish etar ekanman, barcha hamkasblarimga undan o`z faoliyati jarayonida foydalanishi mumkinligini aytgan holda, darslarida foydalanishni tavsiya etaman.