Yangiliklar >> Davlat maqomidan jahoniy mavqeyi sari

“Har bir millatning dunyoda borligini ko’rsatadurg’on oyinayi hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo’qotmak millatning ruhini yo`qotmakdir."

(A. Avloniy)

   Necha ming yillik tarixning turfa talotumlaridan eson-omon o’tib, hurlik bayrog’i ostida tobora qaddi yuksalib borayotgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilganligiga yaqinda 31 yil to’ladi. O’zbek tili bu yillar davomida ozod yurtimizning madhiyasi, bayrog’i, gerbi qatorida turadigan, ma’naviy qadriyatga aylanib, tobora sayqallanib, takomillashib bormoqda. Bugun nafaqat O’zbekistonda, balki uzoq xorijda ham o’zbek tilini o’rganishni istovchi ixlosmandlar soni kundan kunga ortayotir. Bu ko’ngillarni g’ururga to’ldiradi.Tilimizni g’orat qilish uchun qancha harakatlar, tazyiqlar bo’lmadi deysiz. Axir, g’animlar bilshardi-da: tilini yo’qotgan xalq milliy ruhiyatini yo’qotadi, ya’ni o’zligni yo’qotadi. Bizning xalqimiz o’z tilini saqlagan, o’zligini unutmagan, kamalakning yetti jilosini o’ziga jo qilgan daryoyi azimdir.

Til ajdodlar merosini biz avlodlarga ko’prik qiluvchi vosita.Til – butun bir xalqni ezgulikka, nurafshonlikka eltuvchi mayoqdir. Ona tili millatning ruhi, uning or-nomusi, orzu-umidlarining namunasidir. U millatni yagona xalq sifatida o’z atrofida birlashtiradi va dunyoga borligini ta’min etadi.

Seni xudo bergan, menga, mening xalqimga,

Bandalari yo’qotolmas, tortib ololmas.

Seni xato baholagan kulgi har kimga,

Senga alo qarabdi kim ko’r bo’lmay qolmas.

Senga davlat maqomi ne, yaralganing on,

Xalq maqomin olgansan-ku, qutlug’, poyidor.

Shuhratparast zotmidingki, hat turfa nishon,

Ko’kragingga ilib olsang qator va qator.

Chegaralar yo’qdir senga sarhadlar osha,

Sen tufayli aynimadi qancha qarindosh.

O’zbekligim, ay ona til, dilingda yashar,

Til ostiga joylashganday qimmatbaho tosh.

Xazinangni kattaroq och, qalblarga jo qil,

Navoiyning so’zlarini joyla dilimga.

So’z ummoni to’la gavhar sho’ng’ib yosh avlod,

Terib chiqsin injularni, rahmat tilimga.

Turkiy til qadim tarixga ega. Uning ildizlari necha ming yilliklarga borib taqaladi. Qadimgi turkiy til, eski turkiy til, eski o’zbek adabiy tili, hozirgi o’zbek adabiy tili deb nomlangan davrlarga bo’lib o’rganiladigan tilimiz o’z bag’riga minglab allomalarni, ular yaratgan durdona asarlarni jamlagan.

Kultegin, xon Bilga, Tunyuquq kabi

Shuhrat bog’idagi ulkan daraxtlar.

O’rxun xatlariga boqing, ajoyib,

Xalqim tarixidan sado bu xatlar.

Mahmud Koshqariy turk tilining nozik bilimdoni va tolmas targ’ibotchisidir. U o’zining “Devonu lug’ot at-turk” asarida “arab tili bilan ikki uloqchi ot singari teng poyga qilib o’zib borayotgan turk tilini” ko’klarga ko’taradi, uning o’ziga xos xususiyatlarini mahorat bilan ko’rsatib beradi.

Yusuf Xos Hojib so’z qudratini, ona tilining ichki imkoniyatlarini nozik darajada his etadi. Uning o’zi “Qutadg’u bilig” asarida “men turkcha so’zlarni yovvoyi tog’ kiyigi singari deb bildim, shunga qaramay, ularni avaylab-asrab qo’lga o’rgatdim”, - deb yozadi. Mutafakkir tilni qafasda yotgan arslonga o’xshatadi.

“Til buncha sharaf bilan nutqning olamidur. Gar anga shikast yetsa, nutqning ofatidur”. So’z mulkining sultoni Alisher Navoiy o’zbek tilida bitilgan badiiy yuksak asarlari bilan butun dunyoni “yakqalam qilmoqlik” baxtiga musharraf bo’ldi.

Buyuk ma’rifatparvar Abdurauf Fitrat til haqida shunday fikr bildiradi: “Bizning juda boy chiroyli tilimiz bor, bu tilda ifoda etib bo’lmaydigan fikr-tuyg’u, holat yo’q. Haqiqatan ham o’zbek tili o’zining so’zga boyligi, musiqilyligi, ohangdorligi, so’z birikmalarining qulayligi, maqol, matal va iboralarning ko’pligi, so’zlarining serma’noligi bilan boshqa tillardan ajralib turadi. Shu ma’noda boy va katta tarixga ega bo’lgan tilimizni va undagi bebaho asarlarni avaylab-asrab keyingi avlodga yetkazish har birimizning burchimizdir”.

O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I. A. Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarlarida til haqida ushbu fikrlarni bildirganlar: “…o’zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o’rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog’liqlik til orqali namoyon bo’ladi. Jamiki ezgu fazilatlarning inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir”.

“Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo’lgan o’zbek tili xalqimiz uchun milliy o’zligimiz va mustaqili davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o’zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo’lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o’lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning qo’shiqlariga quloq tutsin. Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog’idir. Shunday ekan unga munosib hurmat va ehtirom ko’rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir” – deb ta’kidlagaydilar muhtaram yurtboshimiz Sh. M. Mirziyoyev.

Bugun O’zbekistonning o’z mustaqil taraqqiyot yo’liga nazar tashlansa, bu borada ko’plab amaliy ishlar qilinganiga ishonch hosil qilish mumkin. 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan “Davlat tili haqida” gi qonun ma’naviy yuksalish, milliy tiklanish borasidagi islohotlatning tamal toshini belgilagan huquqiy hujjat, Vatan mustaqilligi yo’lidagi ilk qadam sifatida qadrlidir. 1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan yangi o’zbek alifbosi joriy etish to’g’risida”gi qonun, 1995-yil 24-avgustda “O’zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ni tasdiqlash haqida qabul qilingan maxsus qarorlar ham ona tilimizni yuksaltirishga sezilarli ta’sir ko’rsatdi.

Biz jahonga yuz tutyapmiz, dunyoni zabt etyapmiz, ammo, oramizda o’z tilimizni yaxshi bilmaydiganlar ham bor. Tilimizni mukammal o’rganib, unga sayqal berib, bu tilda buyuk asarlar bitib, lisonimizning nodirligini, bebaholigini, o’lmasligini isbotlaymiz.

Bir sehrli tillo sandiq – ayoni bor,

Durin sochsang, na cheki, na poyoni bor.

Ham tig’i bor, ham tug’ bor, tug’yoni bor,

Muqaddasim, munavvarim, ona tilim!

Moh siymosi bo’lmasa, mohtobon nadur?

Aytar so’zi bo’lmasa gar, zabon nadur,

Ona yerga ona tilsiz zamon nadur,

Muqaddasim, munavvarim, ona tilim!

Necha yillik g’aflatimni haydar bo’ldim,

Ixlos bilan yana senga qaytar bo’ldim,

O’z dilimni o’z tilimda aytar bo’ldim,

Muqaddasim, munavvarim, ona tilim!

Biz ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini oshirishimiz, go’zal va sofligini avlodlarga meros qoldirishimiz, dunyoga tanitishga o’z hissamizni qo’shishimiz kerak. Tilimizning ko’rkamligi, boyligini dunyoga tarannum etsak, millatimiz yanada charog’on bo’ladi. O’zbek tilini davlat maqomidan endi jahoniy tillar maqomiga ko’tarish, ulug’larimizning ulug’ niyatlarini amalga oshirish yo’lida jonbozlik qilish biz ziyolilar uchun ham qarz, ham farzdir!

 

Ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi

 Fayzullayeva Gulchehra Muxammadovna