Yangiliklar >> Ma’naviyat posbonlari.

     Dunyoda kasblar ko’p. Har bir kasbning jamiyat hayotida o’ziga xos o’rni va ahamiyati bor. Ammo shunday bir soha borki, ularni barcha birdek ulug’laydi, e’zozlaydi. Bu- o’qituvchilik kasbidir. Insonning ma’rifatli bo’lib yetishishida o’qituvchi va murabbiylarning o’rni beqiyos. Shu sababli sharafli kasb egalariga nisbatan xalqimizning hurmat va e’tibori yuksak. O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov bunday jonkuyar insonlarga “Agar dunyo imoratlari ichida eng ulug’i maktab bo’lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o’qituvchilik va murabbiylikdir” deya ta’rif bergan edilar.

     Bolalar – hayotimiz mazmuni. Ularsiz hayot o’z ma’no-mazmunini yo’qotishi shubhasiz. Beg’ubor, qalbi pok orzu- niyatlarga to’la, ko’zlari hayajondan yonib turgan jajji bolakaylar maktab ostonasida qadam qo’yganida, ularni mehribon muallimasi cheksiz quvonch bilan qarshi oladi. Munis muallimaning qaynoq mehri taftini his qilgan murg’ak bolajonlarning qalbi sevinchga to’ladi.

    Shaxlo opa Qurbonova ham yuzlab ana shunday jajji bolajonlarning qo’llariga qalam tutqazgan, o’qish, yozishni o’rgatib, savodini chiqargan fidoyi, jonkuyar ustozlardan biri. Qariyb, 25 yillik mehnat faoliyati davomida kasbi ortidan sharafga erishgan muallima yosh o’qituvchilarga yuksak muomala madaniyati bilan o’z tajribasini o’rgatishdan, qimmatli maslahatlarini aytishdan charchamaydi. Bolalikning sehrli dunyosidan, ilmlar ostonasiga qadam qo’ygan o’g’il-qizlarga chin yurakdan saboq beradi.

        Har bir o’quvchim o’z farzandimdek bo’lib qolgan, _ deydi Shaxlo opa o’zgacha mehr va quvonch bilan. - Ularni qanchalar quvonch bilan qabul qilgan bo’lsam, yuqori sinfga kuzatayotganimda, nafaqat sinf xonasi, balki yuragim ham huvillab qolgandek bo’ladi. Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan berilayotgan keng imkoniyatlar, ko’rsatilayotgan g’amxo’rliklar biz ustozlarni yanada yuksak marralar sari yetaklaydi. O’quvchilarimning aksariyati nufuzli korxona va tashkilotlarga faoliyat ko’rsatib, yurtimiz gullab-yashnashiga munosib hissa qo’shmoqda. Bugun hayotda o’z o’rnini topib, jamiyat ravnaqiga hissa qo’shib kelayotgan sobiq o’quvchilarimni ko’rib qolsam, ularning baxt-u kamolidan qalbim g’ururga to’ladi.

    Albatta, ustoz uchun shogirdlar muvoffaqiyatini ko’rishdan-da ulug’roq baxt yo’q. Shaxlo opa faoliyati davomida ko’plab yutuqlarga erishib, maktab nufuzinii oshirishga o’zining salmoqli hissasini qo’shib kelayotgan, ayni paytda boshlang’ich sinf o’qituvchilariga metod birlashma rahbari sifatida faoliyati davomida o’z mehnati va bilimini ayamaydigan samimiy, qalbi quyosh ustozdir.Ustozning hayot yo’li bizlarga ibrat maktabi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Istagimiz, Shaxlo opa hamisha shogirdlar ardog’ida bo’lsinlar, yosh avlodga ziyo nuri sochishdan also tolmasinlar. Ana shunday fidoyi insonlarimiz ko’payaversin.

                                                                                                                                        Qutliyeva Dilafro’z,
                                                                                                                                       Boshlang`ich sinf o`quvchisi