Yangiliklar >> Ustozga dildan ta’zim

               Yurtimizda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan keng qamrovli sa’y-harakatlar avj olgan paytda o’z kasbining ustalari, izlanishdan charchamaydigan tajribali o’qituvchilarni va ularning shogirdlarini borligi quvonarlidir albatta. Shogirdning tarbiyasi, kamoli ko’p jihatdan ustozga bog’liq ekani sir emas. O’quvchining murg’ak qalbidagi hayajonni qo’zg’ata olgan, mudroq tafakkuriga chiroq yoqib, ulkan bilim cho’qqilarini ko’rsatgan ustozlarning shogirdlari yillar o’tib elu yurt havas qilgan, olqishlagan yetuk mutaxassislarga aylanishadi. Haqiqiy o’qituvchi iqtidorli o’quvchilarni tezda ajrata oladi. Qobiliyatli shogirdlarning ko’pligi muallimni ham muvaffaqiyatlarga yetaklaydi. Ayniqsa, turli ko’rik-tanlovlar, musobaqalarga tayyorgarlik jarayonida ustozning mashaqqatli mehnatga toqati, shogirdning zehni,uquvi sinaladi.

    Farzandim Tilavova Sadaf ta’lim-tarbiya olayotgan Zarafshon shahridagi 2 umumiy o’rta ta’lim maktabida o’z kasbini sevadigan, o’quvchilarga bilim, tarbiya berishda bor bilimi va mehrini ayamaydigan o’qituvchilar borligi yana bir bor o’z isbotini topdi. Jonkuyar o’qituvchilar davlat va huquq asoslari fani o’qituvchisi Noila Jo’raqulova, tarix fani o’qituvchisi Mirmuhsin Qurbonov va shu maktabning 9-sinf bitiruvchisi Abdusamat Qahorovlar qizim Sadafga davlat va huquq asoslari fanining barcha sir-asrorlarini o’rgatdilar. Shu yilning 29-30 iyun kunlari Toshkent shahridagi R.Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyida bilimlar bellashuvining respublika bosqichi bo’lib o’tdi. Bellashuvda qizim 8-“B” sinf o’quvchisi Tilavova Sadaf davlat va huquq asoslari fanidan va shu maktabning 8-“G” sinf o’quvchisi Namozov Sherzod tarix fanidan ishtirok etib, birinchi o’rinlarni egalladilar hamda Xalq ta’liml vazirligi tomonidan netbuk bilan taqdirlandilar. Ular ko’rik-tanlov g’olib va sovrindorlari qatori Bo’stonliq tumanidagi “Quyoshli” oromgohida dam olib, bilim va ko’nikmalarini yanada mustahkamlash imkoniyatiga ham ega bo’ldilar. Qizimning yutuqlariga sababchi bo’lgan 2 umumta’lim maktabining jonkuyar o’qituvchilari Noila Jo’raqulova, Mirmuhsin Qurbonov va 9-sinf bitiruvchisi Abdusamat Qahorovlarning xizmatlari beqiyos. Men bu bag’ri keng insonlar- Noila Jo’raqulova, Mirmuhsin Qurbonov, Abdusamat Qahorovlarga, hamda bilim olishda barcha sharoitlarni yaratib bergan maktab direktori M.Yu.Tuydjanovaga va o’quv-tarbiya ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari G.S.Sundetovalarga oila a’zolarim nomidan minnatdorchilik bildiraman va ularga dildan ta’zim qilaman. Rahmat sizga aziz ustozlar!

 

   Tosheva Ziyoda

Zarafshon shahridagi

2 maktabining boshlang’ich sinf o’qituvchisi.