Yangiliklar >> Yashil chiroq-2018

   Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan harakat xavfsizligi oyligi kunlarida Zarafshon shahar 2-umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Yashil chiroq-2018” ko‘rik tanlovining maktab bosqichi bo‘lib o‘tdi.

 Avtomobil yo‘llarida, ayniqsa jamoat transportidan foydalanish jarayonida bolalar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish borasidagi asosiy yo‘nalishlardan biri bu yo‘l harakati qoidalarini o‘smirlar o‘rtasida keng targ‘ib etishdir. Ana shu maqsad yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamdagi targ‘ibot ishlari namunasi joriy yilning 6-aprel kuni o‘tkazilgan yo‘l harakati yosh nazoratchilarining maktab final musobaqasida ham namoyon bo‘ldi, — deydi. Maktabning ma’naviy-marifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari X.Mirzayeva.

Tadbirda maktabning 7-sinf o‘quvchilaridan tuzilgan jamoalar ishtirok etishdi.7-A sinfning  “Yosh avtomobilchi”, 7-B sinfning “Yashil chiroq”, 7-V sinfning “Yosh nazoratchi” jamoalari ko‘rik tanlov musobaqasining nizomiga ko‘ra “Yosh piyoda”, “Xavfsiz g‘ildirak musobaqalari”, “Yo‘l transport hodisasida jarohatlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Yo‘l harakati qoidasi”dan nazariy imtihon hamda “Tashviqot guruhlarining chiqishi” kabi turlar bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdilar. Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan ko‘rgazmali qurollar asosida tayyorlangan targ‘ibot vositalari namoyish etildi. 

Bellashuvlarni o‘tkazish davrida ishtirokchilarning xavfsizliklarini ta’minlashga oid chora tadbirlar ko’rildi.

-Ushbu musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlagan aniq maqsadimiz—yo‘l harakati yosh nazoratchilari faoliyatini yuksaltirish, maktab o‘quvchilari, maktabgacha tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining ko‘cha va yo‘llarda xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, bolalarga yo‘llarda yurish qoidalarini o‘rgatish hamda ular ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olishdan iborat, — deydi ko‘rik tanlov hakamlar hay’ati raisi, ma’naviv-marifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari Z.Omonova.Tadbir davomida barcha yosh avtonazoratchilar o‘zlarining nazariy va amaliy bilimlari mukammal saviyada ekanligini yana bir bor ko‘rsatdilar. Natijada 7-B sinf vakillari birinchi o‘rinni egallab, shahar bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.Musobaqa yakunida g‘oliblikka erishgan jamoalarga maxsus mukofotlar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.                                                                                                                                                                  Boshlang’ich sinf o’qituvchisi Boboyeva Muhayyo